Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Andijon viloyatida tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish oʻz yakuniga yetkazildi va bu dastur bugungi kunda oʻz samarasini bermoqda. Xususan, zamonaviy hisoblagichlarning inson omili taʼsirisiz isteʼmol qilinayotgan tabiiy gazni aniq hisob-kitob qilib borishi va noreal qarzdorlikni oldini olishi ham isteʼmolchi uchun ham taʼminotchi uchun foyda boʻlmoqda. Shu bilan birga, hududdagi barcha xonadonlarga tabiiy gazni bir meʼyorda taqsimlashini taʼminlash bilan birga, texnologik yoʻqotishlarni kamaytirish va isteʼmolchilarning toʻlov madaniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ming afsuski, qarzdorlik boʻyicha avtomatik tarzda tabiiy gaz berilishi toʻxtatilgandan soʻng ayrim isteʼmolchilar tomonidan elektron gaz hisoblash uskunasi oʻzboshimchalik bilan yechib olinib, rezina shlanglar orqali tarmoqqa ulanib olish, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari ham uchrab turibdi. Bu tabiiy gaz taʼminotida turli muammolarni, hisob-kitobda esa xatoliklarni keltirib chiqarmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali mutaxassislari tomonidan aholi xonadonlarini xatlovdan oʻtkazish jarayonida yuqoridagi kabi salbiy holatlar qayd etildi. Xususan, joriy yilning 1-choragi davomida oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida 798 ta holatda tabiiy gazdan noqonuniy va qonunbuzilish holatida foydalanish aniqlanib, tegishli tartibda dalolatnomalar tuzildi.
“Joriy yil birinchi choragida isteʼmolchilar tomonidan 7 million 195 ming 790 metr-kub hajmdagi gaz noqonuniy isteʼmol qilinib, gaz taʼminoti korxonasiga 2 milliard 831 million 770 ming soʻmdan ortiq zarar yetkazilganligi aniqlandi, — deydi Filialning “Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish” boʻlimi boshligʻi Rustamjon Abdurazzoqov. Aniqlangan qonunbuzilish holatlarning 25 tasida hisoblagich nosozligi uchun, uni yechib olib foydalanish, 84 ta holatda gaz hisoblash uskunasidan tashqari (tarmoqqa boshqa yoʻl bilan ulanish orqali) foydalanish, 32 tasida hisoblagichga tashqi taʼsir oʻtkazish (klapanni buzish), 453 ta holatda hisoblagichni olib, rezina shlang orqali foydalanish kuzatilgan. Shuningdek, 181 ta holatda isteʼmolchilar tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelganlar. Eng koʻp qonunbuzilish holatlari Andijon shahri, Andijon va Oltinkoʻl tumanlari hissasiga toʻgʻri kelgan”.
Viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuqoridagi kabi noqonuniy holatlarni aniqlash boʻyicha reyd tadbirlari reja asosida davom ettirilmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati