Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialida “Alisher Navoiy va Bobur merosi beqiyos maʼnaviy xazinadir” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi hamda Andijon farzandi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan mazkur tadbirda Filial xodimlari tashrif buyurganlarning maʼruzalaridan maʼnaviy ozuqa oldilar.
Davra suhbatida dastlab soʻz olgan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, boburshunos yozuvchi Durbek Qoʻldosh Bobur va uning shaxsiyati, u qoldirgan ilmiy va adabiy merosning ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Temuriylar sulolasi vakili, oʻzbek mumtoz adabiyotining yorqin namoyondasi boʻlgan Zahiriddin Muhammad Boburning qizi Gulbadan Begim oʻrta asrlarda Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan yagona ayol tarixchi boʻlgan. Shuningdek, “Boburnoma” asari “Turkiy tilda yozilgan eng yaxshi nasriy asar” deya eʼtirof etiladi. “Boburnoma” bugungi kunga qadar 31 ta tilga tarjima qilingan.
Ingliz olimi Uilyam Erskin Bobur haqida shunday degandi: “Saxovati va mardligi, isteʼdodi, ilm-fan, sanʼatga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shugʻullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”.
Shoir, maʼnaviyat targʻibotchisi, xalqaro “Turon” yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Orifjon Meliyev esa Navoiy shaxsi haqida toʻxtalar ekan, Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutishi haqidagi maʼlumotlarni ulashdi. Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, millionlab kitobxonlar qalbidan munosib oʻrin egallagan. Tadbirda shoirning tarixi va adabiyotga qoʻshgan ulkan ezgu ishlari toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtildi. Alisher Navoiy umri davomida oʻzbek xalqi va madaniyati manfaati uchun tinmay mehnat qildi, durdona asarlar yaratgani, bir soʻz bilan aytganda, yurt ravnaqi, xalq farovonligi yoʻlida beqiyos hissa qoʻshgani taʼkidlandi.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati