Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Korrupsiya soʻzi — lotincha “pora berib sotib olish” maʼnosini anglatib, mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquq va imkoniyatlardan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishni ifodalovchi siyosiy yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat tushuniladi. Shubhasizki, bugungi kunda dunyoda bartaraf etilishi lozim boʻlgan eng birlamchi masalalardan biri korrupsiyadir. Insonlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish esa hech qachon kech emas.
Shu sababli korrupsiyani yoʻq qilish, unga qarshi kurashish maqsadida gaz taʼminoti korxonalarida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialining “Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish” boʻlimi tomonidan Filial xodimlari ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashish – jamiyat taraqqiyotining asosi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Mavzu yuzasidan maʼruzachilar, Oʻzbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvaridagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra, “Korrupsiya” — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqesidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish ekanligini yigʻilish ishtirokchilariga tushuntirib oʻtdilar.
“Toʻg‘ri va halol ishlagan odamning umri halovatda boʻladi. Korrupsiya — jamiyat taraqqiyoti uchun juda xavfli jinoyat boʻlib, u nafaqat xufiyona, balki korrupsiyaga doir munosabatlarga kirishgan tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan sodir etiladi, — deydi Filialning “Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish” boʻlimi boshligʻi Rustamjon Abdurazzaqov. – Aksariyat hollarda u tegishli hokimiyat organlariga shikoyat berilishiga sabab boʻlmaydi, chunki gʻayriqonuniy kelishuvdan ikkala tomon ham naf koʻradi. Hatto pora soʻrash hollari ustidan ham kamdan-kam holda shikoyat qilinadi, Korrupsiya harakatlari odatda davlat faoliyatining mutaxassis boʻlmagan kishilar tushunishi ancha qiyin boʻlgan oʻziga xos turlarida sodir etiladi va u oʻta moslashuvchan jinoyatdir. Biz davra suhbatlarida xodimlarimizga ana shularni tushunmoqdamizki, ertaga ular orasida adashganlar uchramasin”.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan, korrupsiya va tamagirlikka yoʻl qoʻymaslik, uning oqibatlari haqida aytib oʻtildi hamda ushbu xatti-harakat yuzasidan qonunchilik bazasi mustahkamlab qoʻyilganligi, jazoning muqarrarligi toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati