Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Qaysi bir sohaga qaramang, isteʼmolchiga sifatli xizmat koʻrsatish muhim vazifalardan biri boʻlib kelmoqda. Gaz taʼminoti tizimida ham bu borada ancha-muncha tizimli ishlar olib borilmoqda. Tabiiy yoki suyultirilgan gaz isteʼmolchilari deysizmi, barchasi toʻlovlarni onlayn amalga oshirmoqda. Jumladan, uy ichi gaz jihozlariga xodimlar tomonidan koʻrsatilayotgan texnik va profilaktik xizmat uchun ham.
Xavfsizlikni taʼminlash nafaqat taʼminot xodimining, balki isteʼmolchining masʼuliyatli amallaridan biridir. Gaz jihozlariga koʻrsatilayotgan xizmat aslida majburiy boʻlib, har bir isteʼmolchi belgilangan davrda uni amalga oshirishi shart. Xodimlar mahallalarda boʻlib, xavfsizlikni taʼminlash barobarida isteʼmolchilarga qulayliklar haqida ham tushuntirishmoqda. Xususan, gaz jihoziga koʻrsatilgan xizmat endi naqd pulda emas, balki onlayn amalga oshirilishi ham amalda koʻrsatib oʻtilmoqda. Navbatdagi ish jarayoni Shofirkon tumanining “Boboato” mahallasida boʻldi.
Dastlabki jarayonda uy ichi gaz jihoziga xizmat koʻrsatuvchi chilangar amaliy ishini fotosuratlar hamda raqamlar asosida maxsus dasturga kiritishdan boshladi. Invoys raqam esa isteʼmolchining telefoniga sms-xabar tariqasida yuborildi hamda isteʼmolchi ayni shu raqamni mobil ilovaga kiritgan holda belgilangan narxnoma asosida toʻlovni amalga oshirdi.
Hudud isteʼmolchilarining gaz jihoziga texnik va profilaktik xizmat koʻrsatib kelayotgan chilangar Dilshod Faxriyev bu haqida shunday deydi:
– Dastur ishga tushganligiga bir yildan oshdi. Har tomonlama qulay. Oʻz vaqtida koʻrsatgan xizmatimizni unga kiritamiz va isteʼmolchi tomonidan esa narxnomalar asosida toʻlovlar amalga oshiriladi. Mobil ilovalar orqali muammosiz toʻlanmoqda. Bu tizim isteʼmolchi va xodim oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli muammolarning vaqtida bartaraf etilishida xizmat qilmoqda, savollar oʻz-oʻzidan yechimini topmoqda.
Viloyat boʻyicha joriy yilning dastlabki choragida 35 mingga yaqin aholi isteʼmolchilarining gaz jihozlariga xizmat koʻrsatildi. Jarayonlar esa onlayn dasturga kiritib borildi.
“Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati