Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas. Darhaqiqat, yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, bizdan keyingi avlodlar ham munosib tabiiy muhitda yashashi uchun bugun biz tabiatga mehr va eʼtibor bersak, kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Buning uchun bizdan talab qilinadigani – tabiatni toza-ozoda saqlagan holda yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash hamda daraxt ekib, bogʻ yaratishdir.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali va uning shahar-tuman boʻlimlari xodimlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida mevali, manzarali, estetik zavq beruvchi daraxt koʻchatlarini ekish ishlari davom etmoqda.
Shu kunga qadar Filialning barcha shahar-tuman boʻlimlari tomonidan 8 150 tupdan ortiq manzarali va mevali koʻchatlar ekildi. Shundan 5 590 tup terak, 1 130 tup pavloniya hamda 1 430 tup gilos, olma, behi, uzum, anor, xurmo, nok, shaftoli koʻchatlari boʻlimlar hududlari hamda “Yangi Andijon” massividagi belgilangan joylarga oʻtqazildi.
“Qoʻrgʻontepatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimida ham koʻchat ekish ishlari qizgʻin olib borilmoqda, — deydi tuman gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi Dilshodbek Mamatiminov. – Hozirgacha tumanimizdagi harakatlarda ham faol ishtirok etmoqdamiz. Tumangaz bo‘limi hududida bogʻimiz bor, lekin mana yangi koʻchatlarni meva berishni toʻxtatgan daraxtlar oʻrniga ekyapmiz. Shu koʻchatlar hosilga kirsa, mevasidan oʻzimizni xodimlaru idoramizga tashrif buyurganlar ham bahramand boʻladi”.
Bundan tashqari, hosildorligi yuqori boʻlgan tok koʻchatlari, mevali koʻchatlar sohada uzoq yillar ishlab, hozirda nafaqada keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylari oilalariga begʻaraz tarqatildi.
Yurtimiz boʻylab eʼlon qilingan, daraxt ekish, koʻkalamzorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy harakatida faol qatnashish maqsadida “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali va uning shahar-tuman boʻlimlari tomonidan koʻchat ekish, bogʻ yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati