Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Mahammadjon Mahmudov Fayzullo ota va Koʻpayxon ayalarning bosh oʻgʻli edi. Yoshligidan kurash, dzyudo va sambo bilan shugʻullangani uchunmi armiyaga ketar chogʻida qahramonimizni Afgʻonistonga joʻnatishdi.
“Meni armiya safiga 84 yilning aprel oyida chaqirishgan, — deydi Mahammadjon Mahmudov. – Dastlab Surxondaryo viloyatining Sherobod va Termiz tumanlarida 3 oycha tayyorgarlikdan oʻtdik. Keyin Afgʻonistonning Fayzobod shahriga olib kelishdi. Qismlarga boʻlish jarayonida ruschani bilganim, sport tayyorgarligimni bilishgach, razvedka guruhiga olishdi. Shundan keyin 86-yilning mayiga qadar razved rotada xizmat qildim”.
Oddiy askar M.Mahmudov Afgʻonistonda ham chin dildan jang qildi. Chunki magʻlub boʻlsa, ular tugʻilgan yurtiga qadar, Andijonigacha kelishini yaxshi tushunardi. Xizmat davomida 14 ta “til” ushladi va muhim maʼlumotlarni olinishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Qunduz, Hayraton, Badaxshon togʻlarida qon kechdi, kunlab suvsiz, ovqatsiz qolsa-da, sabr qildi, yigitlik burchini toʻla vijdon bilan ado etdi.
“Urush hech qachon yaxshi boʻlgan emas. U menga sabr va halollikni oʻrgatdi. Qachonki sabr qilsang va halol boʻlsang umring uzoq boʻladi. Nafsni yengsang doim yutasan. Bu keyingi hayotimda ayniqsa ish jarayonlarida qoʻl keldi. Tinchlik kunlarni qadriga yetish kerak. U judayam muqaddas neʼmat. Lekin tinch va osuda kunlarda shogirdlarimga avvalo nafsini tiyishni, sabr va halollik ila ishlashni aytaman,” – deydi Mahammadjon aka.
Afgʻonistondan qaytgach ota kasbini egallashga ishtiyoq tugʻildi. 1990-2000-yillar orasida “Oʻzgazloyiha” instituti Andijon boʻlimida dastlab loyihachi, keyin muhandislik lavozimlarida ishladi. 2000-yildan hozirga vaqtga qadar Andijon shahar gaz taʼminotida turli boʻlimlarda faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Qaysi hamkasbidan soʻramang u haqda iliq fikrlar bildirishadi.
“Mahammadjon aka jamoatchilik asosida shahar gaz taʼminotining boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitasi raisi, — deydi Filial boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Gulchehraxon Mamatxoʻjaeva. Barcha jamoat ishlarida faol, ogʻir, vazmin fikrlovchi bu inson bilan koʻp tadbirlarni bamaslahat tashkil qilamiz”.
Bugun 3 ta oʻgʻildan 5 ta nabirasi bor. Ayoli Raʼnoxon Mahmudova bilan farzandlar rohatini koʻrib farogʻatda yashamoqda. Zero, urush koʻrgan va Vatan uchun qon kechgan inson mana shunday baxtli kunlarda yashashga hammadan ham koʻra koʻproq haqlidir.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati