Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Gazdan xavfsiz foydalanishda va turli koʻngilsiz oqibatlar oldini olishda gaz jihozlarining sozligi alohida ahamiyatga ega. Shu bois har bir isteʼmolchi gaz uskunalarining texnik sozligiga eʼtiborli boʻlishi talab etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvarda qabul qilingan “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 22-sonli qaroriga koʻra, gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan tasdiqlagan jadvallar va tariflar boʻyicha isteʼmolchilarning ichki gaz tarmoqlari va “zangori olov”dan foydalanish uskunalariga texnik va profilaktik xizmat koʻrsatiladi. Bunda, koʻp qavatli turar joylardagi gaz plitalar, boshqa gaz uskunalari mavjud boʻlmaganda – ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish uskunalari – yilda bir marta va har bir isitish mavsumi boshlanishidan avval mutaxassis koʻrigidan oʻtkazish majburiy qilib belgilab qoʻyilgan.
Navoiyda gaz taʼminoti filiali va uning tuman, shahargaz gaz taʼminoti boʻlimlari chilangarlari tomonidan bu borada doimiy ishlar tashkil etilgan. Jumladan, oʻtgan mart oyida viloyat boʻyicha aholi xonadonlaridagi gaz jihozi va uskunalariga jami 14 440 ta texnik va profilaktik xizmat koʻrsatildi.
Shuningdek, gaz taʼminoti korxonasi chilangarlari tomonidan isteʼmolchilarga tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari hamda gaz jihozlari sozligiga beparvo boʻlmasliklari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati