Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Tabiiy gazni tejashda energiya tejamkor gaz yordirgichlarining ahamiyati katta. Zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlaridan foydalanilganda tabiiy gazni taxminan 30-35 foizga iqtisod qilishga erishiladi. Muhimi, u xavfsiz boʻlib, bosim pasayib koʻtarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar boʻlganda, avtomatik tarzda oʻchib, gaz oʻtkazishni toʻxtatadi.
Zamonaviy yondirgichning yana bir qulayligi isitish qozonidagi suvni issiqligiga bogʻlanib olovni past, baland qilishi, oʻchirishi yoki olov ayrim sabablarga qarab oʻchib qolsa, gaz klapanini 30 sekund ichida yopadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, avtomat yondirgichda suv qaynamaydi, suvning haroratini bir meʼyorda boʻlishi ta’minlanadi, favqulodda avariya holati boʻlib gaz oʻchsa gazni oʻchiradi. Eski gorelkalardan foydalanilganda qish mavsumida gaz sarfi 650 kub metrni tashkil etsa, yangi avtomatlashtirilgan energo tejamkor yondirgichda bu koʻrsatkich 310 kub metrni tashkil etadi. Bu aholiga har oyda 310 kub metr gazni tejash imkonini beradi.
Viloyatimizda gaz taʼminoti filiali va uning shahar, tumangazgaz taʼminoti boʻlimi xodimlari tomonidan energiya tejamkor gaz uskunalarini oʻrnatish yuzasidan doimiy targʻibot ishlari olib borilmoqda. Xususan, Navbahor tumanining “Paxtakor” mahallasi aholisi ham tabiiy gazdan foydalanib keladi. Joriy yilning birinchi choragi mobaynida bu yerdagi aholi xonadonlarida jami 233 ta zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlari oʻrnatilgan boʻlsa, ulgurji isteʼmolchilar oʻrtasidagi bu koʻrsatkich 18 tani tashkil etadi.
– Isitish qozonxonamizga zamonaviy gaz yondirgich oʻrnatgandik, — deydi mahallada yashovchi isteʼmolchilardan biri Jasur Murodov. – Gaz sarfi 30-40 foizgacha kamaygani hisobiga tabiiy gaz uchun toʻlovimiz ham sezilarli pasaydi. Qoʻshnilarimga ham energiya tejamkor gaz uskunalarini oʻrnatishlarini tavsiya qilyapman.
Maʼlumot oʻrnida keltirish joiz, joriy yilning birinchi choragi davomida viloyat boʻyicha aholi xonadonlari oʻrtasida 1 735 dona zamonaviy energiya tejamkor gaz uskunalari oʻrnatildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati