Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Namangan viloyatining barcha tuman va shaharlarida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda tuman sektor rahbarlari, "Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi – aholiga xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarurligini tushuntirish va xonadonlarda gaz hamda elektr isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanishni ta'minlashdir.
Profilaktik tadbir doirasida barcha hududlarda maxsus ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular mahallalarda yong‘in xavfsizligi holatini o‘rganib, uy egalari bilan muloqotlar o‘tkazdi. Fuqarolarga gaz va elektr isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berildi.
Uy egalari va fuqarolarga quyidagi masalalarda tushuntirishlar berildi:
- Ventilyatsiya tizimining to‘g‘ri ishlashini ta'minlash; - Gaz moslamalaridan foydalanganda havoni muntazam yangilab turish; - Nosoz gaz uskunalaridan foydalanmaslik; - Isitish moslamalarini nazoratsiz qoldirmaslik.
Bundan tashqari, eshik va derazalarning yetarli darajada shamollatilishi zarurligi alohida ta’kidlandi. Tadbir davomida fuqarolarga yong‘in xavfsizligi va gazdan foydalanish qoidalari haqida eslatma plakatlari tarqatildi. Bu orqali har bir xonadon egasiga kuz-qish mavsumida xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish zarurligi eslatib o‘tildi.
Mazkur profilaktik tadbirlar viloyatning barcha hududlarida muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Ushbu chora-tadbirlar aholining xavfsizlik madaniyatini oshirish va yong‘in hamda gaz bilan bog‘liq noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgan.
"Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati