Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Isteʼmolchilarga tabiiy va suyultirilgan gazni bir maromda hamda uzluksiz yetkazib berish uchun “Hududgaztaʼminot” AJ mutaxassislari 24 soatlik rejimda ish olib borishmoqda. Olis hududlardagi isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida oʻz vaqtida yetkazilmoqda.
2024-yilning 3-mart kuni gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan 96,7 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Bundan tashqari, dam olish kunlari 2624 tonna suyultirilgan gaz yetkazilgan.
Isteʼmolchilarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ filiallari tadbirkorlar bilan hamkorlikda chekka hududlarda yangi gaz toʻldirish shoxobchalarini tashkil etmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi mazkur hamkorlik suyultirilgan gazni manzillarga yetkazish xarajatlarini pasaytirish va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga zamin yaratadi.
Namangan viloyatining ikkita tumanida gaz toʻldirish inshootlari ochildi. Chortoq tumanidagi gaz toʻldirish shoxobchasi 10 ta MFYdagi 8 mingdan ortiq isteʼmolchini suyultirilgan gaz bilan taʼminlaydi. Shu bilan birga inshootning oylik tarqatish quvvati 830 tonnani tashkil etib, bundan koʻp isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.
Oylik tarqatish quvvati 830 tonnani tashkil etadigan Mingbuloq tumanidagi shoxobcha esa 41 ta mahalladagi 26,5 mingdan ziyod isteʼmolchiga xizmat koʻrsatadi.
“Hududgaztaʼminot” AJning Respublika boʻyicha 262 ta avariya brigadalari joylarda muammolarni bartaraf etmoqda. 3-mart kuni Qashqadaryo viloyati Muborak tumani “Oʻzbekiston” MFYda gaz sizib chiqish holati aniqlandi. Gaz taʼminoti filiali xodimlari avariya-tiklash ishlarini olib bordi va isteʼmolchilar uchun gaz taʼminotini qayta tiklashdi.
“Hududgaztaʼminot” AJ fuqarolardan gazdan oqilona foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini oʻchirishni soʻraydi. Shu bilan birga, is gazidan zaharlanish xavfini oldini olish uchun nostandart isitish uskunalari va qoʻlbola yondirgichlardan foydalanmaslikni eslatib oʻtadi.
Qayd etib oʻtish kerak, shaxsiy hisob raqamini tekshirib turish, SMS xabarnomaga eʼtiborli boʻlish va tabiiy gaz taʼminoti uchun oʻz vaqtida toʻlovlarni amalga oshirish tabiiy gazdan toʻlaqonli foydalanish imkoniyatini beradi. Toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmasa gaz taʼminotiga cheklovlar kiritiladi. Gaz taʼminoti xizmatlari uchun hisob-kitoblarni tuman gaz boʻlimlari va bank filiallarida, shuningdek, barcha toʻlov tizimlarining mobil ilovalari orqali 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin.
“Hududgaztaʼminot” AJ tizimi mutaxassislari barcha takliflar, shikoyatlar va murojaatlarni 1104 telefon raqami orqali, gaz sizib chiqishi holatlari va boshqa texnik muammolarni bartaraf etish boʻyicha maʼlumotlarni 104 raqami orqali qabul qiladilar.