Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali, Sizlardan yo‘llarda harakatlanayotgan vaqtingizda, yo‘l chetida joylashgan va turar joy massivlaridagi gaz quvurlariga ehtiyot bo‘lishingizni so‘raydi.
Kunning qorong‘i vaqtlarida, ayniqsa, kunduzlari qisqa bo‘lgan kuz-qish mavsumida yo‘llarda ko‘rish darajasi pasayib ketgan vaqtlarda yoki noqulay ob-havo sharoitlarida, haydovchilar ishtirokida gaz quvurlariga to‘qnashib ketish va ularni shikastlash bilan bog‘liq holatlar kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 3 ta favqulodda holat qayd etilib, avariya holatlari bartaraf etilguniga qadar gazsiz qolgan iste’molchilar jabr ko‘rdi.
Ushbu turdagi avariyalar Muzrabot tumanida 1 ta kuzatilib, qolgan 2 tasi Denov tumanida qayd etilgan.
Gaz tarmoqlarining shikastlanishi oqibatida odamlar o‘limi qayd etilmagan bo‘lsada, haydovchilarning birgina ehtiyotkorsizligi fuqarolar hayoti va mulkiga xavf solib, butun mamlakat miqyosida katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini esdan chiqarmaslik lozim.
Shu o‘rinda, gaz yonuvchan xususiyatga ega ekanligini yana bir bor eslatib o‘tgan holda gaz tarmoqlariga shikast yetkazish holatlarida, birinchi navbatda xavfsiz hududga o‘tib, gaz ta’minoti mutaxassislarini 1104 yoki 104 qisqa raqamlari orqali tezkor xabardor qilishingiz hamda gaz sizib chiqishi bartaraf etilguniga qadar ogohlikni yo‘qotmagan holda voqea joyini tark etmasligingiz so‘raladi.
Voqea joyidan yashirinib, odamlar hayoti va farovonligini xavf ostida qoldirgan haydovchilarga nisbatan esa qonunchilikda belgilangan tartibda katta jarimalarni qo‘llashdan hatto haydovchilik huquqidan mahrum etishgacha bo‘lgan qat’iy jazo choralari qo‘llanilishi mumkinligini unutmaslik lozim.
Fursatdan foydalanib, “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali iste’molchilardan qonunchilikka rioya qilib, “zangori yoqilg‘i”dan o‘g‘rincha foydalanmaslikni, gaz ta’minoti uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya qilishingiz, muammo yuzaga kelgan vaqtda 1104 raqamiga yoki 104 avariya dispetcherlik xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz.