Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Keyingi vaqtlarda xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ularga yangi ish oʻrinlarini yaratish, mehnat, turmush sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq, zoʻravonlikning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda ushbu masala davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Shu munosabat bilan ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, jumladan, oilaviy muammolar va turmushida turli xil zoʻravonlikka duch kelgan xotin-qizlarni ruhiy qoʻllab-quvvatlash va ularga motivatsiya berish, zoʻravonlikka qarshi targʻibot ishlarini kuchaytirish maqsadida jamoatchilik eʼtiborini ushbu masalaga jalb etishga qaratilgan tadbirlar olib borilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri “Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filialida ham tashkil etildi. “Xalqaro ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish” kuni munosabati bilan “Zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik” shiori ostida gaz taʼminoti filiali Boshlangʻich Kasaba uyushmasi va Xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti hamkorligida oʻtkazilgan davra suhbatida tizim xotin-qizlari, shuningdek, Buxoro shahar IIB XPB katta inspektori, katta leytenant Farangiz Jumayeva ishtirok etdi. Katta leytenant Farangiz Jumayeva tomonidan bugungi kunda ayollarga nisbatan qilinayotgan zoʻravonlik xatti-harakatlari, ularning turlari hamda viloyatda bu kabilarning oldini olish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida taʼkidlab oʻtildi. Uchrab turadigan holatlar misollar asosida izohlab berildi. Ijtimoiy roliklar namoyish etildi. Muhimi esa ayollarning huquqiy savodxonligi oshirildi.
“Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati