Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va maʼnaviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til bor ekan millat barhayot. Tilni moʻtabar zot-onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson oʻz onasini koʻrmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini toʻymasdan yashay olmaydi. Fikrimizning isboti sifatida Davlatimiz rahbarining quyidagi nutqini keltirib oʻtamiz: “Kimda kim oʻzbek tilining bor latofatini jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onajonlarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutishsin”.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganligi va tilimizga Davlat tili maqomi berilganiga 34 yil toʻlishi hamda “Oʻzbek tili bayrami” kuni munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Vosit Ahmad, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Andijon viloyat boʻlimi rahbar oʻrinbosari Nafisaxon Marahimova, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Ravshanbek Abdurahimovlar “Oʻzbek tili-milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli” hamda “Qadring baland boʻlsin, Ona tilim” shiorlari ostidagi maʼruzalari bilan qatnashdilar.
Notiqlar oʻz maʼruzalarida tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb maʼnaviy burchimiz boʻlib qolishiga eʼtibor qaratdilar. Oʻzbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib oʻtilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda davlat tilini yangi pogʻonaga olib chiqish borasida qilinayotgan saʼy-harakatlar alohida eʼtirof etildi.
Shuningdek, oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda oʻz hissamizni qoʻshishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etishi taʼkidlandi.
Filial boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitasi raisi G.Mamatxoʻjaeva oʻz soʻzida yigʻilganlarni bayram bilan tabriklar ekan, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlaridan biri boʻlgani hamda “Davlat tili haqida”gi Qonunda ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratilgani haqida gapirib oʻtdi.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati