Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali majlislar zalida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan “Korrupsiyasiz jamiyat sari” mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda gaz taʼminoti filiali birinchi oʻrinbosari Jaloliddin Xudoyqulov, filial xodimlari hamda shahar, tumangaz gaz taʼminoti boʻlimlari boshliqlari va mutaxassislari ishtirok etishdi.
Dastlab yigʻilishda J. Xudoyqulov soʻz olib, bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashning ilgʻor xalqaro standartlariga asoslangan tizimini joriy etish boʻyicha izchil choralar koʻrilayotganligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Shunga qaramay, nafsga boʻysungan ayrim shaxslar tomonidan korrupsion holatlarga yoʻl qoʻyilayotgani, bu kabi illat gaz taʼminoti sohasida ham mavjudligi aytildi.
Shundan soʻng filialning moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish boʻlimi boshligʻi Akmal Ochilov tizimda korrupsiyaga qarshi koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, bu illatga moyilligi mavjud boʻlgan xodimlar uchrab kelishi, bu esa, korrupsiyaga qarshi yanada ayovsiz va murosasiz kurashish kerakligini taqozo etayotganligini kuyinchaklik bilan taʼkidladi. Olib borilgan profilaktik taʼsir choralariga qaramasdan joriy yilning oʻtgan davrida huquq-tartibot idoralari tomonidan baʼzi nopok xodimlar jinoyat ustida ushlanganligi hayotiy misollar yordamida aytib oʻtildi.
– Sohamizda bu kabi achinarli holatlar oldini olish uchun qator ishlarni amalga oshirib kelyapmiz, — deydi A. Ochilov. – Filial va uning tasarrufidagi tuman (shahar) gaz taʼminoti boʻlimlarida korrupsiyani oldini olish, barcha xodimlarni masʼuliyatini oshirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar tushuntirilmoqda. Korrupsiyaga yoʻl qoʻyilganda qanday oqibatlarga olib kelishi aytilib, ogohlantirilmoqda. Maqsadimiz sohada halol, shaffof mehnat jarayonlarini taʼminlashdan iborat. Bu borada joylarda reja asosida profilaktik tadbirlarimiz ham oʻtkazib kelinmoqda.
Yigʻilish soʻngida Korrupsiyaga qarshi kurashish Komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan 2023 yil davomida korrupsiyani oldini olish maqsadida qilingan ishlar yuzasidan suratga olingan videorolik namoyish etildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati