Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Mamlakatimizda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratildi. Xususan, joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar ham xalq ichiga kirib borish, uning tashvish va muammolarini chuqur o‘rgangan holda hal etishning natijador vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yil avgust oyining so‘nggi kunlarida Namangan viloyatning Chust, Yangiqo‘rg‘on, Pop tumanlari va Namangan shahrida “Hududgazta'minot” AJ Murojaatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vohidjon Sodiqov ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi.
Dastlabki kuni Chust tumanidagi “Ariqbo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan ommaviy qabulda suyultirilgan gaz ta'minoti borasida fuqarolar tomonidan qo‘yilgan masalalar yechimiga javob izlandi. Murojaatchilar bu yerda gaz ta'minotidagi yetkazib berish muddatini cho‘zilib ketganligi, maishiy gaz ballon olish tartibi va boshqa masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiynayotgan muammo yuzasidan tegishlicha javob olishdi. Xususan, fuqarolar M.Xolmatov, D.Mirzaeva, K.Qanatov hamda Y.Alisherovalar ID karta olish masalasi bo‘yicha qilgan murojaatlari ijobiy hal etilib, barchalari bir donadan maxsus ID kartalar bilan ta'minlandi.
— Bizni ham eshitadigan insonlar borligidan xursandmiz ,- deydi Pop tumani “Tuman” MFYning “Yangi hayot” ko‘chasida yashovchi Anvarjon ota Ergashev. – Oilam katta. Nevara va chevaralarim bilan 15 kishi yashaymiz. Bittagina ballonim bo‘lib, katta o‘g‘limni alohida hovliga ko‘chirgandim. Shu uchun yana bir dona maishiy gaz ballon so‘radim. Baraka topishsin, murojaatimni o‘rganib, muammoyimni hal qilib berishdi.
Sayyor qabullarda Pop tumanidagi “Tuman” MFY, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “G‘aznon” hamda Namangan shahridagi “Guzar” MFYlarida 100 dan ortiq iste'molchilar bilan uchrashlar o‘tkazilib, suyultirilgan gaz yetkazib berish, ta'minot, maishiy gaz ballonlari, undan xavfsiz foydalanish masalalaridagi murojaatlari tinglandi va aksariyati ijobiy hal etildi.