Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Joriy yilgi kuz-qish mavsumida Namangan viloyati aholisiga jami 38 ming 430 tonna (o‘tgan mavsumga nisbatan 1 ming 723 tonnaga ko‘p) suyultirilgan gaz yetkzib berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 2023-yilning oktyabr-dekabr oylarida 19 ming 274tonna, 2024-yilning yanvar-mart oylarida esa 19 ming 156 tonna gaz yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
“Hozirda 1 772 dona maishiy gaz ballon zahiramiz mavjud. Kuz-qish davrida aholi ehtiyojidan kelib chiqib 4 200 dona qo‘shimcha maishiy gaz ballonlarga ehtiyoj mavjud bo‘lib, joriy yil 6-8-noyabr kunlari filialning markaziy omboriga ishlab chiqaruvchi zavodlardan qo‘shimcha 1 500 dona maishiy gaz ballonlar keltirildi”, - deydi “Hududgaz namangan” gaz ta'minoti filiali direktorining suyultirilgan gaz masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ibrohimjon Mamajonov.
Bugungi kunda viloyatda 453 ming 788 nafar suyultirilgan gaz iste'molchilari 490 ming 934 dona gaz ballonlari orqali gaz bilan ta'minlanishmoqda. Maishiy gaz ballonlarning 371 ming 559 donasi ta'minotchi korxona tomonidan ajratilgan bo‘lsa, 119 ming 275 donasi aholining shaxsiy ballonlarini tashkil qiladi, iste'molchilarning maishiy gaz ballon bilan ta'minlanganlik darajasi esa 108 foizga yetgan. “hududgaz namangan” gaz ta'minoti filiali tomonidan esa 89 ta maxsus avtotransport vositalarida 40-45 kun davriylikda onlayn tizim orqali gaz yetkazib berilmoqda.
Aholiga o‘z vaqtida suyultirilgan gaz yetkazib berishda gaz to‘ldirish inshootlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shuni to‘g‘ri anglagan namanganlik soha mutaxassislari “Uychi” gaz to‘ldirish stansiyasi va “Pop” hamda “Yangiqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish shoxobchalaridan mavsumga tayyorgarlik ishlarini yakuniga yetkazganlar. Jumladan, har bir inshootda rejaga muvofiq nazorat tarozilari va manometrlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Suyultirilgan gaz quvurlari maxsus tartibda izolyasiya qilinib, sovuq kunlarda gaz muzlab qolishining oldi olinadigan bo‘ldi. Zulfinlar, elektr yoritgichlar, yerlantirish (zazemleniya), chaqmoq qaytargichlarning sozligi teshirilib, elektr ta'minoti qurilmalari, yong‘inga qarshi suv purkagichlar, nasos va shlanglar mavsumga shay holga keltirildi. Har bir shoxobchadagi vagon va avtosisternalardan suyultirilgan gazni maxsus sig‘imlarga to‘kib olish va maishiy gaz ballonlarga gaz quyish shlanglari ham sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, kompressor va nasoslarni texnik ko‘riklari ham belgilangan rejaga ko‘ra amalga oshirildi.