Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Kogon tumanining “Sorgʻun” mahallasi suyultirilgan gaz taʼminotiga moslashtirilgan hudud boʻlib, belgilangan rejaga muvofiq gaz ballonlari yetkazib berildi. Nazorat tarozilarida oʻlchab tarqatildi, toʻlovlar esa onlayn – maxsus kartalar orqali amalga oshirildi.
“Issiq yoki sovuq havo harorati boʻlishiga qaramay oʻz vaqtida gaz ballonlarimizni yetkazishadi. Maishiy ehtiyojlarimiz uchun ishlatamiz, yetadi. Gaz ballonlarimiz bilan bogʻliq nosozliklar yuzaga kelgani yoʻq, kelsa oʻz vaqtida bartaraf etishadi. Har birimiz undan toʻgʻri foydalansak, xavfsizligimizni taʼminlagan boʻlamiz”, – deydi sorgʻunlik isteʼmolchi Shoira Xoliqova.
“Kogongaz” gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan Kogon tumanidagi 3 ming nafardan ortiq isteʼmolchi suyultirilgan gaz bilan taʼminlanmoqda. Xodimlarning navbatdagi manzili “Sorgʻun” mahallasi ekan, kun davomida 99 ta xonadon egalariga 2 ming kilogrammga yaqin suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
May oyining dastlabki oʻn kunligida boʻlim tomonidan suyultirilgan gaz isteʼmolchilariga 18 tonnadan ortiq, joriy yilning yanvar oyidan boshlab to buguniga qadar esa 218 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz tarqatildi. Jarayonlar davomida har bir isteʼmolchiga ID kartalardan hamda gaz ballonlaridan toʻgʻri foydalanish, ularga tashqi taʼsir koʻrsatmaslik toʻgʻrisida tushuntirishlar berilishi davom etmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati