Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Joriy yilning 22 may kuni I.M Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi “Job fair 2024” boʻlib oʻtdi. Yarmarka doirasida mavjud boʻsh ish oʻrinlariga iqtidorli yosh kadrlarni jalb etish maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Oʻzbekistondagi yirik kompaniyalar ishtirok etgan tadbir qizgʻin ruhda oʻtdi. “Hududgaztaʼminot” AJ taqdimotiga tashrif buyuruvchilar tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish faoliyatining qisqacha tavsifi, boʻsh ish oʻrinlari va ish oʻrganish dasturlari haqida maʼlumot oldilar. Tashkil etilgan qiziqarli viktorinada faol ishtirok etgan yarmarka ishtirokchilariga “Hududgaztaʼminot” AJning esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shubhasiz ushbu voqelik neft va gaz sohasida istiqbolli imkoniyatlarni topishga intilayotgan barcha talabalar va bitiruvchilar hayotidagi muhim daqiqalarga aylandi.
Yarmarka davomida yoshlarga kompaniyalar vakillari bilan muloqot qilish, mavjud boʻsh ish oʻrinlari va kompaniyalar faoliyati va investitsiya dasturlari haqida tasavvurga ega boʻlish, sohaga oid qiziqtirgan savollarga javob olish, aloqalar almashish va tarmoq oʻrnatish imkoniyatlari yaratib berildi.
Soha mutaxassislari rivojlanish va martaba oʻsishi imkoniyatlari haqida soʻzlab berdi, sohadagi kasblar, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va turli yoʻnalishlardagi mavjud istiqbollar muhokama qilindi.
Bunday tadbirlar nafaqat nomzodlar va boʻlgʻusi mutaxassislarga, balki kompaniyalar uchun ham samarali ekanligi oʻz tasdigʻini topdi. “Hududgaztaʼminot” AJ kompaniyasining boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida ishtirok etishi yosh mutaxassislarning kelajagi va rivojlanishida faol sarmoya kiritilayotganligining yorqin dalilidir.