Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish jarayonlarini raqamlashtirish davom ettirilmoqda. Endilikda gaz taʼminoti tashkiloti va yangi isteʼmolchilar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar onlayn tarzda rasmiylashtiriladi.
Ushbu xizmat turi “Hududgaztaʼminot” AJ Raqamlashtirish ofisi tomonidan yaratildi. Asosiy maqsad – isteʼmolchilar va tabiiy gaz taʼminotchisi oʻrtasidagi munosabatlarni soddalashtirish, vaqtni tejash, ortiqcha ovoragarchilikka chek qoʻyish va eng asosiysi, ehtimoliy korrupsiya xavflarini oldini olishdan iborat. Endi fuqarolar shartnoma tuzish va shaxsiy hisobvaraq ochish uchun gaz taʼminoti tashkilotiga borishlari shart emas. Buning uchun barcha hujjatlar real vaqt davomida taqdim etiladi.
Hozirgi vaqtda ushbu xizmat turi sinov tariqasida joriy etildi. Shartnoma tuzish va shaxsiy hisobvaraq olish jarayoni vaqtincha faqat hududgaz.uz veb-saytidagi shaxsiy kabinet orqali, sinov rejimi yakunlangandan keyin esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.
Ayni paytda mazkur xizmatdan foydalanish uchun isteʼmolchi eng avvalo shaxsiy kabinetda roʻyxatdan oʻtishi lozim. Roʻyxatdan oʻtish jarayoni Yagona identifikatsiya tizimi (One ID) yoki telefon raqam orqali amalga oshiriladi. One ID orqali roʻyxatdan oʻtilganda isteʼmolchining barcha maʼlumotlari avtomatik tarzda toʻldiriladi. Telefon raqam orqali roʻyxatdan oʻtish jarayonida shaxsiy maʼlumotlar abonentning oʻzi tomonidan toʻldiriladi.
Shaxsiy kabinetda roʻyxatdan oʻtgandan soʻng arizalar boʻlimiga oʻtiladi, uy turi tanlanadi, keyin esa elektron shartnoma tuzish uchun shaxsiy maʼlumotlar (pasport maʼlumotlari, JSHSHIR, texnik shart raqami, kadastr raqami kiritiladi, gaz taʼminoti filiali boʻlimi tanlanadi, ID-karta yoki pasport nusxasi, STIR va gazlashtirish loyihasi fayli yuklanadi) toʻldiriladi va soʻrov yuboriladi.
Ariza gaz taʼminoti mutaxassislari tomonidan 3–5 ish kunida koʻrib chiqiladi va shartnoma tasdiqlangani toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtgan telefon raqamiga SMS xabarnoma yuboriladi. Shundan soʻng shartnoma abonent tomonidan elektron raqamli imzo orqali imzolanadi. Barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng ochilgan shaxsiy hisobvaraq haqidagi maʼlumotlar isteʼmolchiga SMS xabarnoma joʻnatish orqali taqdim etiladi.
Raqamlashtirish ofisi tomonidan tayyorlangan quyidagi videoda ushbu xizmatdan foydalanish boʻyicha qoʻllanma bilan tanishish mumkin.