Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Soʻnggi yillarda fuqarolar bilan ochiq muloqotning yuzaga kelishi hududlarda toʻplanib qolgan muammolarning ijobiy yechimini taʼminlashga, shu orqali aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Hamyurtlarimiz murojaat orqali uzoq yillardan buyon hal boʻlmay kelayotgan yoki kundalik hayotimizda yuzaga kelgan masalalar yuzasidan savollariga javob olish imkoniga ega boʻlyaptilar.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialida ham bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Zero, aholi fikrlari mavjud kamchilik va muammolarning oʻz vaqtida bartaraf etilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga isteʼmolchilarga sifatli xizmat koʻrsatish, ularning talab va istaklarini oʻz vaqtida amalga oshirish imkonini beradi.
“Joriy yilning birinchi choragi davomida “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialiga jami 3 ming 417 ta murojaat kelib tushgan, — deydi filial ijro nazorati boʻlim boshligʻi Xurshidbek Hayitboev. – Ularning 1 ming 938 tasi virtual qabulxonalar orqali kelib tushgan boʻlsa, qolganlarining 937 tasini ogʻzaki, 286 tasini yozma hamda 256 tasini “Ishonch telefonlari” orqali kelib tushgan murojaatlar tashkil qiladi. Shuningdek, 247 nafar fuqaro bevosita Filial binosida qabul qilingan hamda 151 nafar fuqaroning sayyor qabullarda arzi tinglangan va ijroga yo‘naltirilgan”.
Shuningdek, Filialning “Call markazi” ham murojaatlarni qabul qilish va ularni yechimini topilishda aholiga koʻmakchi boʻlmoqda. Xususan, 1-chorak davomida 11 ming 142 ta murojaatdan 9 ming 745 tasi ijobiy hal etilgan boʻlsa, 1 ming 397 tasiga tushunchalar berilgan. Aholi takliflari filial va uning ijro nazorati boʻlinmalari tomonidan toʻliq nazoratga olingan. Oʻtgan davr mobaynida murojaatlarning 84 foizi ijobiy hal etildi. Qolgan qismi ijroga yoʻnaltirildi va tegishli maslahatlar berildi.
“Filialning markaziy-dispetcherlik xizmatining “104” qisqa raqami orqali oʻtgan davr mobaynida 26 ming 578 ta murojaat kelgan. Shundan 15 ming 207 tasi tabiiy gaz taʼminoti boʻyicha, 3 ming 870 ta murojaat elektron gaz hisoblash uskunasi faoliyati yuzasidan, 4 ming 417 tasi maishiy gaz va ballonlari hamda suyultirilgan gaz taʼminoti masalasida, 3 ta avariya va 574 tasida gaz sizib chiqish holati boʻyicha fuqarolar murojaat qilishgan. Kelgan murojaatlarning barcha tegishliligi boʻyicha shahar-tuman boʻlimlari yoʻnaltirilgan va aksariyati oʻz ijobiy yechimini topgan”, — deydi Filial markaziy dispetcherlik xizmati bosh dispetcheri Dilshodbek Rahmatullayev.
Bugungi kunda “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialiga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyat qismi gaz taʼminotidagi vaqtincha uzilishlar, nosozliklar, gaz ballonlari taʼminotiga doir mavzulardan iborat boʻlib, bu ushbu yoʻnalishlardagi faoliyatni yanada shakllantirish hamda viloyatda gaz taʼminoti faoliyatini yanada jonlantirishda turtki boʻlmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati