Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi kunda yurtimizda barcha sohalarda aholiga qulaylik va imkoniyatlar yaratib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa ID-kartalarning joriy etilishi sohalarda ovvoragarchiliklar va korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qilayotgani hech kimga sir emas.
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida 29 ming 640 nafar iste’molchi suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan bo‘lib, ular ta’minotni to‘liq avtomatlashtirilgan tizim orqali qabul qilmoqda.
Tuman aholisiga joriy oy boshidan ayni vaqtiga qadar shu tizim orqali 278 tonna 800 kg gaz tarqatilgan bo‘lsa, yil boshidan buyon yetkazib berilgan suyultirilgan gaz miqdori salkam 660 tonnani tashkil etmoqda.
Tuman iste’molchilariga ta’minot kunlik qabul qilish quvvati 52 tonna, kunlik tarqatish quvvati 35,8 tonna bo‘lgan Muzrabot gaz to‘ldirish shoxobchasi orqali yetkaziladi, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mutaxassisi Ilhom Hayitov
Hozirda ushbu shoxobchadan aholi xonadonlariga gazni yetkazib berish uchun 7 ta maxsus transport vositasi xizmat ko‘rsatmoqda. Texnikalar nazorat tarozilari bilan ta’minlangan bo‘lib, iste’molchilar o‘zlariga berilgan gaz balonni o‘lchab olish imkoniga ega.
Hozirda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash idoralarida ham ID-kartalar joriy etilmoqda. Bu iste’molchining o‘ziga tegishli hujjat bo‘lib, har oyda kartada gaz ballon xarid qilishga yetadigan mablag‘ mavjud bo‘lishini ta’minlash zarur. Ba’zi hududlarda iste’molchilar e’tiborsizlik bilan kartaga vaqtida pul tashlashni unutib qo‘yadi va bu gaz ballon tarqatiladigan kun muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Boisi, endi gaz ballon uchun ta’minotchi korxona xodimlari tomonidan naqd pul olinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minot filiali matbuot xizmati