Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Har bir sohada ish tajriba bilan oʻrtoqlashish, hamkasblarni yangiliklardan xabardor etish va yoshlarda bilim-koʻnikmalarni hosil qilishida oʻquv malaka oshirish ishlari qoʻl keladi. Oltinkoʻl tumanida “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali tomonidan tuman gaz xodimlarining malakasini oshirish va ularni kasbga qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi. Unda tabiiy gaz tarmoqlariga xizmat koʻrsatuvchi chilangarlar ishtirok etdilar.
Dastlab “Andijonshahargaz” gaz taʼminoti boʻlimining chilangari, 30 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan Shuhratbek Nuraliyev hamkasblari bilan sohadagi oʻzgarishlar, tarmoqdagi gazni bir maromda yetkazib berish, xonadonlarga xavfsiz gaz yetkazib berishda nimalarga eʼtibor berish kerakligi haqida suhbatlashdi. Soʻngra tumanning “Oltinkoʻl-1”avtomatik gaz tarqatish shoxobchasidan gaz bilan taʼminlanuvchi “Namuna” MFY oʻramida joylashgan statsionar RDUK-200 rusumli gaz tarqatish qurilmasi misolida amaliy tushunchalar berildi. Bunda qurilmaning mohiyati, uning qismlari va ularning vazifalari haqida batafsil gapirib oʻtildi.
“Bugun oʻzim uchun yana koʻplab bilimlarga ega boʻldim, — deydi “Oltinkoʻltumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi chilangari Izzatbek Abdullayev. – Sohada bir yildan oshiqroq vaqtdan berish ishlayapman. Kasbimga qiziqaman. Oʻzimni istagim bilan shu sohani tanlaganman. Bugungi oʻquv mashgʻulotida tajribali hamkasbimizdan oʻzimiz bilmagan narsalar haqida maʼlumotlar oldik. Ayniqsa, gaz taqsimlash qurilmalari qanday ishlaydi, rejim-sozlash ishlarida nimalarga eʼtibor berish kerak va boshqa masalalarda yangi koʻnikmalar hosil qildik”.
Filialning kadrlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotlar barcha shahar-tuman boʻlimlarida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati