Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Soʻnggi yillarda barcha sohalar kabi gaz taʼminoti sohasida ham xodimlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va sogʻlom turmush tarzi targʻiboti boʻyicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Gaz sohasi xodimlari oʻrtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda tashkil etish va oʻtkazish anʼanaga aylanib bormoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialida mehnat qilib kelayotgan Afgʻon urush qatnashchilari, shahar va tuman gaz taʼminoti boʻlimlarining kasaba uyushma qoʻmita jamoatchi raislari hamda kasaba uyushma faollaridan iborat bir guruh xodimlar uchun Andijonning soʻlim maskanlaridan biri, “Oʻzbekiston Shveysariyasi” deb nom olgan Xonobod shahriga ikki kunlik ziyorat safari tashkil qilindi. Mazkur ziyorat safari davomida Xonobod shahrida joylashgan “Fozilmon ota” ziyoratgohi va “Xon togʻ” dam olish maskanlariga tashrif uyushtirildi.
Tadbir davomida ommaviy sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish orqali xodimlar salomatligini mustahkamlash maqsadida oʻtkazilgan musobaqada ishtirokchilar sportning shaxmat, shashka va stol tennisi turlari boʻyicha oʻzaro bellashdi. Oʻyin soʻngida gʻoliblar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati