Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Andijon tumanidagi “Doʻngqishloq” mahallasi Bogʻishamol adirlariga tutash yerlarda joylashgan. Andijonsoy bagʻri boʻylab joylashgan qishloq aholisining asosiy daromadi dehqonchilik va chorvachilikdan. Hozir gap bu haqda emas.
Mahalla ahli “Boʻston” avtomatik gaz tarqatish shoxobchasining “Xarabek” tarmogʻidan tabiiy gaz bilan taʼminlanadi. Bugun mazkur mahalladagi barcha xonadonlarda “aqlli” gaz hisoblash uskunalari oʻrnatilgan va yurtdoshlarimizni bir maromda gaz bilan taʼminlamoqda. “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialining qurilish-montaj boshqarmasi hamda tuman gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari mahalladagi oʻzgarishlarga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar.
“Qurilish-montaj boshqarmamiz tomonidan diametri 219 mm boʻlgan yuqori bosimli gaz quvurining 1,2 km qismi yer ostiga olinmoqda, — deydi boshqarma boshligʻi Dilshodbek Isaqov. Bunda texniklarimiz va tajribali mutaxassislarimizni ishga jalb etganmiz. Quvurlarni yer ostida saqlash tartiblariga koʻra ishlar bajarilmoqda. Hozirgacha maxsus chuqur qazildi va quvurlar oʻzaro biriktirilmoqda. Endigi ishimiz esa ularni belgilangan tartibda izolyatsiya qilish va yer ostiga olishdir. Tez kunlarda bu ishlarimiz ham nihoyasiga yetadi”.
“Doʻngqishloq” MFYda shu kunga qadar 4,8 km gaz quvurlari boʻyoqlandi. 59 ta tayanch ustunlari tartibga keltirildi va yana yangi 4 ta tayanch oʻrnatildi. Tarmoqlarni boʻyoqlash va tartiblash ishlari esa davom ettirilmoqda. Uygʻonish faslida oʻzgarishlarga yuz tutgan mazkur mahallada soha xodimlari ham oʻz mehnatlari bilan maskanning yanada koʻrkam va obod boʻlishiga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati