Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali tomonidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash ishlari muntazam davom etmoqda.
Maishiy gaz ballonlar belgilangan reja-jadval asosida isteʼmolchilarga tarqatilmoqda. Xususan, Zarafshon shahri, Tomdi, Uchquduq tumanlari kabi olis va chekka hududlarga ham oʻz vaqtida maishiy gaz ballonlar tarqatilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Birgina Tomdi tumanida bugungi kunda 2 527 ta isteʼmolchi mavjud. Ular mahallalar bilan birga tuman markazidan qariyb 200-250 kilometr uzoqlikkacha boʻlgan masofalarda joylashgan ovullarda yashaydi. “Ayaq-quduq”, “Sheli” kabi chekka ovuldagilar ham suyultirilgan gaz masalasida ovoragarchilikka duch kelishgani yoʻq. Bu yerda ham har 35-40 kunda maxsus avtotransportlarda maishiy gaz ballonlar olib kelinadi.
Tomdiliklarga “Tomdi” gaz toʻldirish shoxobchasi orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Mart oyining shu davri mobaynida tuman aholisiga jami 46,94 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi taʼminlandi.
Bugun tuman markazidan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan “Keregetau” OFYga 2 tonna, 100 kilogramm suyultirilgan gaz tarqatilmoqda.
Mazkur ovulga qarashli “Jireq” va “Oʻrta-Quduq” qishloqlarida esa 132 ta isteʼmolchi yashaydi.
– Kecha qishlogʻimizga maishiy gaz ballon tarqatildi, — deydi “Jireq” qishlogʻidan isteʼmolchi Konakbay Duysenbayev. – Reja-jadvalga koʻra, doim vaqtida maishiy gaz ballon almashtirib berib ketishadi. Havo sovuq, qorli, yomgʻirli kunlarda ham gaz ballondan uzilish boʻlgani yoʻq.
Isteʼmolchilarga maishiy gaz ballonlardan toʻgʻri foydalanish boʻyicha eslatmalar ham tarqatilmoqda.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati