Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan “Xon atlas” festivali doirasida “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filialining bir guruh ayollari Marg‘ilon shahridagi “Yodgorlik” ipak to‘qish fabrikasida adras va atlasning yaratilishi bilan yaqindan tanishdilar.
“...Menga Marg‘ilon juda yoqdi, - deydi Filial kadrlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nasibaxon Abdieva. - To‘g‘risi Marg‘ilonga birinchi kelishim, endi bu shaharni “atlas kiygan go‘zal shahar” deb eslab yursam kerak. Menga hamma narsa juda yoqmoqda, bir vaqtning o‘zida ham tarixning, ham bugungi zamonning havosidan nafas olayotgandekman.Ayniqsa, biz tashrif buyurgan “Yodgorlik” ipak to‘qish fabrikasida adras va atlaslarning qanday paydo bo‘lish jarayonini kuzatdik...”
Hunarmandlik barcha xalqlarga xos bo‘lgan madaniy meros hisoblanadi. Har bir ustaning buyum va mahsulotlari qalb qo‘ri va qo‘l mehnati bilan yaraladi. Marg‘ilon hunarmandligi o‘ziga xos tarixi, uslub va an'analariga ega bo‘lib, bugun ham yangi an'analar asosida rivojlanmoqda.
“...Biz atlaslarimizning eski nusxalarini tikladik. “Xosiyatxon”, “Gulnamozshom” nusxalari bozorlarimizga qaytdi. Bugun Jahon hunarmandlari shahrining hunarmandi ekanligimdan faxrlanib ketdim. Bu nom shahrimizga o‘z ismidek juda yarashdi...” – deydi Marg‘ilondagi “Hunarmandlar markazi” rahbari Ibrohim Sultonov.
Tashrif buyurganlarda an'anaviy mato to‘qimachiligi bo‘yicha ko‘rgazmalar, liboslar namoyishlari, to‘quvchi ustalar tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar katta taassurot qoldirdi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati