Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Namangan” gaz taʼminoti filiali tomonidan 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumida tabiiy gaz taʼminotida yetishmovchiliklar kuzatilgan hududlardagi muammolar o‘rganib chiqilib, gaz taʼminoti tizimini 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari boshlab yuborildi. Hozirda viloyatda jami 16,3 km gaz tarmoqlarida rekonstruksiya qilish, 2,3 km gaz tarmoqlarida mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, bugungi kunda Namangan shahar, Yangi Namangan tumani hududida D-325 mmli 2,5 km uzunlikdagi gaz tarmoqlarida rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, buning natijasida tumanning Mexnatobod, Yangi Zamin, Sihatgoh, Chamanzor, Do‘stlik, Atangan Guzar va Ishonch MFY hududlarida joylashgan 12554 ta aholi xonadonlarida tabiiy gaz taʼminoti yaxshilanishiga erishiladi.
Bundan tashqari gaz xo‘jaligini kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayonida yer osti gaz tarmoqlarini havo bosimi ostida sinash va zichlikka tekshirish, gaz bosimini sozlovchi qurilmalarini (GRP) taftishdan o‘tkazish hamda mahallabay kesimida gaz tarmoqlarida modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilib, barcha say harakatlar isteʼmolchilarga xavfsiz va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berishga qaratilgan.