Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“AQLLI” HISOBLAGICHLAR BO‘YICHA UMUMIY MA’LUMOT “AQLLI” HISOBLAGICHLARNI O‘RNATISHNING HUQUQIY ASOSLARI:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi “Iqtisodiyot va aholini energiya manbalari bilan barqaror ta’minlash, neft va gaz sanoatini boshqarish tizimini moliyaviy sog‘lomlashtirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4388-sonli qarori bilan “Hududgazta’minot” AJ zimmasiga barcha toifadagi iste’molchilar uchun tabiiy gazni boshqarish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi.
Davlat rahbarining mazkur qarori talablaridan kelib chiqib, barcha toifadagi iste’molchilar uchun zamonaviy gaz hisoblagichlarini o‘rnatilishi majburiy bo‘lib, uni o‘rnatishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Respublika bo'yicha tabiiy gaz iste’molchilarining 94 foiziga elektron gaz hisoblagichlari o‘rnatilgan.
Hozirda foydalanishdagi hisoblagichlarning ma’nan va jismonan eskirganligi sababli ularning aniqlik darajasi, ya’ni ruhsat etilgan xatolik ko‘rsatgichlari belgilangan me’yorlardan ancha yuqori bo‘lgan. Mazkur holatni inobatga olib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda hisob-kitoblarni tartibga solish maqsadida “aqlli” hisoblagichlarni o‘rnatish masalasi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
ESKI HISOBLAGICHLAR – NOANIQ KO‘RSATGICHLAR
Hisoblagichlarning xatoliklar darajasi belgilangan me’yorlardan oshib ketadi. Bundan tashqari, bugungi kunda ayrim turdagi hisoblash uskunalari ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarishdan olingan bo‘lib, ularga texnik xizmat ko‘rsatish ham o‘z-o‘zidan to‘xtatilgan.
Iste’molchilar tez-tez duch keladigan yana bir muammo bu – ko‘rsatgichlardagi nomuvofiqlik. Bunda, hisoblagichda boshqa ko‘rsatgich, billing tizimida esa umuman boshqa raqamlar qayd etilmoqda. Natijada iste’molchining kayfiyati buzilib, uning turli xil tekshiruv jarayonlari, jumladan, ko‘p yillardagi to‘lov kvitansiyalarini yig‘ish ehtimoli hamda tegishli tashkilotlarga betinim qatnash va soatlab navbatlarda kutish kabi salbiy holatlarni boshidan kechirishga to‘g‘ri keladi.
“Aqlli” hisoblagichlarni o‘rnatish zarurati, eng avvalo, mamlakatda gaz iste’moli va hisobga olishni nazorat qiluvchi zamonaviy ma’lumotlarni yig‘ish uchun yagona boshqaruv tizimi yo‘qligidan kelib chiqgan edi. Buning natijasida gaz ta’minotchisi va energiya kompleksining yana bir qator tuzilmalari yuzlab milliard so‘mlarni yo‘qotishgan. Bundan tashqari, aholi orasida iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun debitor qarzdorlar soni ham ko‘payib ketgan.
Amaldagi tartibga muvofiq, iste’mol qilingan "zangori yoqilg‘i" uchun to‘lov har oyning 10-sanasigacha to‘lanishi lozimligi barcha iste’molchilar uchun sir emas. Ammo amaliyot, aslida hammasi boshqacha ekanligini, ya’ni iste’mol qilingan yoqilg‘i uchun haddan ziyod katta qarzlar vujudga kelayotganini ko‘rsatgan.
Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini sohaga tadbiq etish orqali, tizimda qarzdorlik bilan bog‘liq muammo va uzilishlarni vujudga kelishini oldi olinadi, yo‘qotishlarni kamaytirish hamda "zangori yoqilg‘i"dan noqonuniy foydalanish holatlari to‘g‘risida ta’minotchini vaqtida ogohlantirilishiga erishiladi.
“Aqlli” hisoblagichlar iste’molchining yoqilg‘i sarfini yuqori aniqlik bilan o‘lchab, real vaqt rejimida ma’lumotlarni uzatadi, natijada debitor qarzdorlar soni sezilarli darajada kamayib, gazni hisobga olishning billing tizimidagi ko‘rsatgichlar o‘zgarishiga inson omili ta’sirini bartaraf etilishiga olib keladi.
“AQLLI” HISOBLAGICHLARNI O‘RNATISH JARAYONI:
“Aqlli” hisoblagichlarni o‘rnatish bilan bog‘liq barcha ishlar "Hududgazta’minot" AJ zimmasiga yuklatilgan. Mazkur jarayon o‘z ichiga gaz hisoblagichlarini o‘rnatish, ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va uzatish, aloqa liniyalarini yotqizish hamda zarur telekommunikasiya moslamalarini o‘rnatish kabilarni qamrab oladi.
Bunda, alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihati shuki, ro‘yxatdan o‘tgan aholi iste’molchilarga "aqlli" hisoblagichlar "Hududgazta'minot" AJ hisobidan bepul o‘rnatiladi. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda moʻtadil inflyasiya tufayli narxlar va tariflarning tabiiy indeksasiyasi kuzatilmoqda. Shunga mos ravishda "aqlli" hisoblagichlarni o‘rnatish harajatlari iste’molchilarga qo‘shimcha yuk bo‘lmaydi.
O‘RNATILADIGAN “AQLLI” HISOBLAGICHLARNING HUDUDLAR KESIMIDA TAQSIMOTI:
№
Hududlar
Jami o‘rnatiladigan gaz hisoblagichlari soni (dona)
1.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
241 592
2.
Xorazm viloyati
224 968
3.
Buxoro viloyati
262 033
4.
Navoiy viloyati
132 797
5.
Qashqadaryo viloyati
150 809
6.
Surxondaryo viloyati
107 833
7.
Farg‘ona viloyati
299 079
8.
Andijon viloyati
221 013
9.
Namangan viloyati
164 194
10.
Samarqand viloyati
281 750
11.
Jizzax viloyati
143 825
12.
Sirdaryo viloyati
105 943
13.
Toshkent viloyati
593 513
14.
Toshkent shahar
616 799
JAMI
3 546 148
“AQLLI” GAZ HISOBLAGICHLARI HAQIDA MUHIM MA’LUMOTLAR
YETKAZIB BERILADIGAN TO‘PLAM TARKIBI
1.
Gaz hisoblagichi
1 dona
2.
Pasport
1 dona
3.
O‘rnatish uchun zichlagich
2 dona
4.
Qadoqlash qutisi
1 dona
GAZ HISOBLAGICHLARINING TARKIBIY QISMLARI:
Metall korpus, uning ichida:
mexanik o‘lchov tuguni; harorat sensori (aniqlagich); ikki holatli klapan joylashgan.
Plastik korpus, uning ichida elektron o‘lchov tuguni joylashgan bo‘lib, mazkur tugun:
o‘lchov tugunining aylanma harakatini qayd etish uchun optik o‘zgartirgich; hajmni o‘zgartirish elektron harorat qurilmasi; aloqa modullari (simsiz GSM moduli); monoxrom suyuq kristall displey; uchta apparat boshqaruv tugmasi; avtonom quvvatlantirish manbalari – batareyalar (aloqa modullari va hajmni o‘zgartirish elektron harorat qurilmasi uchun alohida); doimiy xotira qurilmasidan iborat.
IKKI HOLATLI KLAPAN
Mazkur klapan hisoblagich korpusida kirish quvurida joylashgan bo‘lib, gaz oqimini to‘xtatish uchun mo‘ljallangan hamda ugaz quvurining elementi hisoblanmaydi. Klapan gaz quvurini kafolatli va germetik berkitilishini ta’minlab, faqat hisoblagich gaz quvuriga barcha o‘rnatish talablari bajarilgan holda o‘rnatilgan va uning germetikligi ta’minlangan holatda foydalanish uchun mo‘ljallangan.
KLAPANNING BERKITILISH HOLATLARI:
masofadan, boshqaruv markazidan; ruhsatsiz aralashish holatlarida – avtomatik tarzda; batareya quvvati juda kam qolganda – avtomatik tarzda.
Klapan yopilgandan so‘ng, uni faqat hisoblagichning apparat tugmalari yordamida tegishli parolni kiritish orqali va boshqaruv markazidan tegishli ruhsat olingan holda ochish mumkin.
Hisoblagichni quvvatlantirish uchun faqat ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan talablarga javob beruvchi asl litiyli batareyalardan foydalanishga ruhsat beriladi. Batareyani iste’molchi tomonidan mustaqil ravishda almashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, ya’ni batareya shunday o‘rnatilganki, uni almashtirish paytida himoya plombasi buziladi.
Elektron o‘lchov tuguni batareyasining foydalanish muddati quyidagi shartlarda kamida 8 yil davomida quvvatlantirishni ta’minlaydi:
hisoblagich interfeysidan bir kunda bir marta foydalanilganda; berkitish klapanidan bir oyda 3 martadan ko‘p foydalanilganda;
Simsiz aloqa modullarini quvvat bilan ta’minlaydigan batareyaning ishlash muddati quyidagi sharoitlarda 8 yilni tashkil etadi:
bir sutkada GRPS ma’lumotlarini uzatishning bitta sikli (20 sekund – tarmoqda ro‘yxatdan o‘tkazish, 30 sekund – ma’lumot uzatish). Batareya elektron o‘lchov tugunining plastik korpusida joylashgan simsiz aloqa modullarini quvvat bilan ta’minlaydi. Batareyani almashtirish hisoblagich himoya plombasining buzilishini talab qiladi. Shu sababali batareya quvvati 10% qolganda, hisoblagich indikatorida tegishli ogohlantirish paydo bo‘ladi va boshqaruv markaziga uzatiladi.
HISOBLAGICHNI O‘RNATISH
Hisoblagichni o‘rnatish, yechish hamda profilaktik tekshirishga faqat gaz tarmoqlari operatorlari yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning bunday ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ruhsatnomasiga ega bo‘lgan xodimlariga ruhsat etiladi. Hisoblagichni o‘rnatish va yechish bo‘yicha barcha ishlar hisoblagich o‘rnatilgan gaz quvurida gaz bosimi bo‘lmaganda amalga oshiriladi.
HISOBLAGICHGA TEXNIK XIZMAT KO‘RSATISH QOIDALARI
Hisoblagich egasi hisoblagich sirtining tozaligini ta’minlashi shart. Buning uchun sovunli eritma va boshqa yuvish vositalaridan foydalanishga ruhsat etiladi. Hisoblagichni tez yonuvchan vositalar (benzin, kerosin, erituvchi suyuqlik va h.k.) bilan artish ta’qiqlanadi.
FOYDALANISH BO‘YICHA QOIDALAR
Iste’molchiga hisoblagichni mustaqil ravishda ta’mirlash, korpusining ichini ochish, o‘rnatilgan joydan yechib olish, modifikasiya qilish va h.k. ta’qiqlanadi. Hisoblagichga va uning barcha butlovchi qismlariga turli shikast va zarar yetkazish (mexanik, elektr, iqlimiy va h. k.) ta’qiqlanadi. Hisoblagichdan tashqaridagi sizib chiqishlar uchun ishlab chiqaruvchi javobgarlikni zimmasiga olmaydi. Iste’molchiga plombalar va ularning butlovchi qismlariga (masalan, plombaning simiga va h.k.) zarar yetkazish ta’qiqlanadi. Hisoblagichning ishlashiga ruhsatsiz aralashish va hisoblagichning o‘ziga hamda butlovchi qismlariga yetkazilgan zarar to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi (MQM)ga jo‘natiladi va saqlanadi. Aloqa batareyasini almashtirish zarur bo‘lganda tashqi plombalar (old shaffof panelni mahkamlash) faqat bunday ishlarni bajarish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan buzilishi mumkin.
KAFOLAT MAJBURIYATLARI
Bepul servis xizmatining kafolat muddati 5 yilni tashkil qiladi va hisoblagich ishlab chiqaruvchining servis markazi tomonidan tekshirilib, tashqi plomba o‘rnatilgan sanadan boshlanadi. Hisoblagichning xizmat muddati ishlab chiqarilgan sanadan boshlab 15 yilni tashkil etadi. Hisoblagichning davriy qiyoslovdan o‘tkazish muddati 10 yilni tashkil etadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, tabiiy gaz hisoblagichlarini o‘rnatilishi bilan mijoz faqat haqiqatda iste’mol qilingan "zangori yoqilg‘i" uchun xaq to‘laydi. Barcha xarajatlar, shu jumladan, ta’mirlash va o‘lchash moslamalarini davlat qiyoslov tekshiruvlaridan o‘tkazish ishlari ham gaz ta’minoti tashkilotining mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Iste’molchilar hisoblagichlarni soz holda saqlash va xavfsizligini ta’minlashga mas’uldirlar.
Taxririyat sanasi: 19.12.2022 16:21
Izoh o'chirildi
Saytdagi barcha yangilik va xabarlardan muntazam xabardor bo'lish uchun a'zo bo'ling!
Ro'yxatdan o'tish muaffaqiyatli yakunlandi. Endi siz pochtangiz orqali barcha yangiliklarni kuzatib borishingiz mumkin!
Savol va takliflaringizga javob olish uchun ushbu qismdan foydalaning. Xizmat sifatini yaxshilash uchun operatorlarimiz sizga murojaat qiluvchi shaxsiy telefon raqamingiz va ism-sharifingizni to'ldiring!