Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar va boshqa sohaviy bo’lim xodimlari uchun “Hududgazta’minot” AJ Xotin-qizlar Boshlang’ich tashkiloti, “Hududgaz Konsalting” mas’uliyati cheklangan jamiyati va gaz ta’minoti filiali Boshlangi’ch Kasaba uyushmasi tomonidan “Ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog’lomlashtirishga qaratilgan ma’naviy-axloqiy va mantiqiy fikrlashni yuksaltirish” mavzusida 2 kunlik o’quv mashg’ulotlari tashkil etildi. Unda sotsiologiya fanlar doktori Mavlyuda G’afforova tomonidan turli mavzular interaktiv metodlar asosida tushuntirildi, tizim xodimlarining psixologik qarashlari o’rganildi.
Mashg’ulotning dastlabki kunlarida xotin-qizlar turmush tarzini shakllantirish, stress holatlari va ularni bartaraf etish, milliylikka asoslangan kiyinish madaniyati to’g’risida to’xtalib o’tildi. Shuningdek, ijtimoiy-ma’naviy muammolar, ularning yechimi, mantiqiy fikrlash va bu bilan yuqori samaradorlikka erishish yo’llari haqida ham amaliy mashg’ulotlar tashkil etildi.
Seminarning ikkinchi kunida aholiga servis xizmat ko’rsatish chilangarlari ishtirok etib, unda har bir xodim aholi bilan o’zaro muloqot qilishganida axloq etikasiga rioya qilishi, ishlash texnologiyasi, muzokarali vaziyatlarda ularni boshqarish va stresslarning oldini olish yuzasidan fikrlar berildi, turli zamonaviy texnologiyalar asosida tushuntirildi.
“Tashkil etiladigan bu kabi seminarlar faoliyatimizni shakllantirishda, aholi bilan ishlash ko’nikmamizni rivojlantirishda juda muhim hisoblanadi. Ayniqsa, har bir mavzuning turli metodlar asosida tushuntirilganligi kasbga bo’lgan qiziqishni yanada oshiradi. O’zaro fikr almashildi, jamoaviy ishlash tartibining ahamiyati tushuntirildi, muhimi, muloqot qilishda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan turli nizolarning oldini olinishi uchun aniq ko’rsatmalar berildi”, – deydi “Olottumangaz” gaz ta’minoti bo’limi xodimi Inobat Bozorova.
O’quv seminarida bir-biridan qiziqarli bo’lgan texnologiyalar asosida soha xodimlarining qarashlari shakllantirilar ekan, asosiy maqsad – tizimda mas’uliyatni oshirish, o’zaro nizolarning oldini olish hamda muloqot maydonida faollikni shakllantirishdan iborat bo’ldi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati