Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Xodimlar malakasini oshirish har bir korxonada amalga oshiriladigan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. “Hududgaztaʼminot” AJ va Italiyaning nufuzli korxonalari bilan gaz taʼminoti tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, avtomatik boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda gaz hisobini avtomatik nazorat qilish boʻyicha samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Shu jumladan, gaz taʼminoti mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha “HGT Training center” oʻquv markazi negizida “Muhandislar maktabi” faoliyatini tashkil etish boʻyicha “Pietro Fiorentini S.p.A.” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgan.
Gaz taʼminoti tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sunʼiy intellektni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiqi borasidagi amaliy faoliyatning uzviy davomi sifatida 2024-yilning 20-may kuni “Hududgaztaʼminot” AJ va hududiy gaz taʼminoti filiallari mutaxassislari uchun Italiyaning Terranova kompaniyasining Oʻzbekistondagi “Terranova Central Asia” QK MCHJ hamkorligida “Tabiiy gazni yetkazib berishda avtomatik boshqaruv tizimi istiqbollari” mavzusida oʻquv seminari oʻtkazildi. Oʻquv seminarlarida respublika bo‘yicha 732 nafar mutaxassislar ishtirok etishdi.
Oʻquv seminari davomida ishlab chiqarish jarayonlarida sunʼiy intellektning roli, Gaz uzatish tizimida sunʼiy intellekt yordamida maʼlumotlar almashinish yuzasidan, shuningdek, “2022-2024-yillarda gaz taʼminoti tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” loyihasi boʻyicha “Hududgaz Konsalting” MCHJ mutaxassislari va “Terranova Central Asia” QK MCHJ mutaxassislari tomonidan taqdimotlar orqali tushunchalar berildi.
Oʻquv seminari yakunida ishtirokchilar sohaga oid oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar. Kelgusida hamkorlikda bu kabi oʻquv seminarlarini viloyatlar kesimida tashkil etilishiga kelishib olindi.