Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Hademay yozning jaziramali issiq kunlari ortda qolib, zamin uzra zarhal yaproqlarini yoyishga shaylangan to‘kin-sochin kuz fasli o‘zining qut-barakasi, mo‘l-ko‘l hosili bilan o‘lkamizga kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Serhosil kuzning tashrifi munosabati bilan olis hududlarda yashaydigan yurtdoshlarimiz izg‘irinli qish kunlariga taraddud ko‘rishni boshlaydi. Sovuq kunlarda uyini isitish, ovqat pishirish, choy qaynatish uchun qulay shart-sharoit yaratish bilan bog‘liq muammolar haqida o‘ylay boshlaydi.
Xalqning tashvishlari ariyapti
Faqatgina qishda bormi bunday muammolar? Yozda ham gaz yo‘qligi uchun o‘choqlarda terlab pishib, ovqatga unayotganlar, qora qumg‘onda choy qaynatayotganlar hali hamon yurtimizning deyarli barcha hududlarida uchrab turishi aslida yangilik emas. Ammo so‘nggi yillardagi keng ko‘lamli islohotlar bois, yurtimizning chekka hududlarida yashovchi aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti imkon qadar yetkazilib, xalqning tashvishlari ariyapti.
Bu boradagi ishlarning izchillik bilan olib borilishida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-sentyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim hujjat bo‘ldi.
Qarorda olis va borish qiyin bo‘lgan qishloqlarda kuz-qish davrida suyultirilgan gazni yetkazib berish va zaxirasini yaratish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Xo‘sh, qaror ijrosi doirasidagi ishlar qay tarzda amalga oshirildi? Chekka joylardagi aholi o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta’minlandimi?
Mazkur maqolamizda shu haqda o‘rtoqlashamiz.
– Hududimiz juda olis, viloyat markazidan salkam 120 km uzoqlikda joylashgan. Cho‘l kengliklari, yozda issiq, qishda esa izg‘irin sovuq. Shunday bo‘lishiga qaramay, gazchilar xizmat vazifasini vaqtida bajarishadi. Ularning mehnati sabab bugun uyimizda issiq ovqatimiz pishib, choyimiz qaynayapti, – deydi Buxoro viloyatining Qizilqum kengliklaridagi Churuq ovulida istiqomat qiluvchi, shofirkonlik 74 yoshli onaxon Oybarchin Ishnazarova. – Yangi kelinchaklik paytimdan boshlab yaqin yillargacha faqat o‘tindan foydalanar edik. Joyi kelsa o‘tin ham topa olmas edik. Qiyin davrlar edi. Bugun esa gaz muammosi yo‘q. 35 kunga bormay keltirib berishadi. Tarozilarda o‘lchab, uyma uy tarqatishadi. Mana, oxirgi uch yildan buyon to‘lovlarni ham kartalarda to‘laymiz. Shunday sharoitlarni yaratib bergan Prezidentga raxmat!
Xalqni rozi qilish – bizning asosiy vazifamiz
Buxoro viloyatining Shofirkon tumani Qizilqum kengliklaridagi Churuq ovulida yashovchi aholining aksariyat qismi qozoq millatiga mansub. Churuqliklar necha yillardan buyon, gaz yo‘qligi sabab aziyat chekib, qiynalib kelgan. Chorvachilik sohasida o‘ziga xos tajribasi bilan mashhur bo‘lgan Churuq ovuli aholisi so‘nggi yillardagi islohotlar bois, o‘tinni burqsitib, chovgumda choy qaynatish azobidan xalos bo‘ldi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Hudud iste’molchilariga gaz ballonlarini yetkazib berish mas’uliyatini o‘z bo‘yniga olgan haydovchilar bugungi kunda o‘z ishlariga mas’uliyat bilan yondashgan.
– Xalqni rozi qilish asosiy vazifamiz. Erta tongdan gaz to‘ldirish shoxobchasidan chiqib, deyarli 3 soat deganda Churuq hududiga kelamiz. 60 dan ortiq xonadon egalariga gaz ballonlarini topshiramiz. Iste’molchining bizga bildirgan iliq fikrlari, yoshi ulug‘larning duosi shijoat beradi. Olis manzillar go‘yo 10 daqiqalik yo‘lday tuyuladi, - deydi shu hudud iste’molchilariga gaz ballonlarini yetkazib berish vazifasini o‘z bo‘yniga olgan haydovchi Suxrob Sodiqov.
Xalq farovonligi ta’minlanmoqda
Ha, bugun tizimda talaygina yangiliklar yaratildi. Imkoniyatlar berildi. Quvonarlisi, xalq farovonligi ta’minlanmoqda. Qaysi bir olis manzillarda bo‘lmang, aholining rahmatlarini eshitasiz. Minnatdorchilik tuyg‘ulari esa bisyor. Churuq ovulida ham xonadonlar soni 60 tani tashkil etsa, tizim xodimlari tomonidan kunlik 1400 kilogramdan ko‘proq suyultirilgan gaz tarqatiladi.
– Mavzuga raqamlar misolida tahliliy yonlashadigan bo‘lsak, bugun Buxoro viloyat bo‘yicha 167 mingdan ortiq iste’molchi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi, – deydi viloyat gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. – Ularga viloyatdagi 3 ta gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi hamda xususiy gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali gaz ballonlari to‘ldirib, 30-35 kun vaqt oralig‘ida yetkazib berilmoqda. Quvonarlisi, har bir gaz ballonlarida maxsus bar kodli yorliqlar yopishtirilgan. Bu esa tizimda mavjud muammolarning oldini olinishida xizmat qilishi tabiiy. Gaz to‘ldirish shoxobchalarining kunlik quvvati 22 tonna bo‘lib, oylik esa 550-560 tonna suyultirilgan gazni qabul qiladi. 12 nafar xodimlar tomonidan ish faoliyati olib boriladi. Issiq havoning chillasi deysizmi, qahraton qishda ham aholiga vaqtida gaz balloni berish uchun mehnat qilishadi".
"Erta tongdan ish boshlaymiz"
Viloyatdagi har bir gaz to‘ldirish shoxobchasida ish faoliyati qizg‘in. Xodimlar o‘z ishiga erta tongdan mas’uliyat bilan yondashadi. “Qorako‘l” gaz to‘ldirish shoxobchasida qariyib o‘n yildan buyon faoliyat olib borayotgan chilangar Komiljon Gʻaffarov ham o‘z kasbining jonkuyarlaridan hisoblanadi.
– Erta tongdan ish boshlaymiz. Barchamiz bir maqsad sari faoliyat olib boramiz. Shu maqsad yo‘lida mehnat qilib kam bo‘laganimiz yo‘q. Oilamiz tinch, dasturxonimiz to‘kin. Aholiga kuniga o‘rtacha 20 tonnaga yaqin suyultirilgan gaz quyib beramiz. Mashaqqat ostida qilingan mehnatimiz bizga zavq beradi, xalqimizdan rahmatlar eshitamiz, duosini olamiz. Inson ishini astoydil bajarsa, natijasi yomon bo‘lmaydi.
"Biz tabiiy gazdan foydalanmaganmiz"
Romitan tumanidagi Qizilravot ovuli - tumani markazidan 231 kilometr uzoqlikda, ta’bir joiz bo‘lsa, “qush uchsa, qanoti, odam yursa, oyog‘i kuyadigan” Qizilqum kengliklari bag‘rida joylashgan. Qizilravot mahallasida hozirda 104 ta oila, asosan qozoq millatiga mansub jami 600 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Umumiy maydoni 294 ming gektarni tashkil etayotgan mahallaning geografik nuqtai nazardan, aksar yeri yaylov va cho‘l qirliklardan iborat.
Ammo shunga qaramasdan, ovul infratuzilmasini yaxshilash, unda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizga risoladagidek turmush kechirishlari uchun qulay shart-sharoit yaratishga e’tibor oshirilayotgani bu hududda yashayotgan cho‘lquvarlarni xursand qilmoqda. Quvonalisi, hudud iste’molchilariga gaz ta’minoti filiali hamda “Romitantumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan oyma oy, o‘z vaqtida maishiy ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazga to‘ldirilgan gaz ballonlari tarqatiladi.
– Yo‘l-yo‘lakay kelsangiz telefonlarimizda aloqa bo‘lmay qoladi. Ammo qizig‘i, gazchilar bergan kartadan osongina pul yechiladi, aloqa ham zo‘r. Mana, imkoniyat, biz tabiiy gazdan foydalanmaganmiz. Yoshligimiz qiyinchiliklarda o‘tib ketdi. Endi esa, Xudoga shukur tutun hididan sal uzoqlashdik. Gazchilar ballonlarni o‘z vaqtida kechiktirmasdan olib keladi, – deydi 70 yoshli otaxon Dusbay Kartpanbetov.
35 kunga bormay gaz ballonlari yetkazib berilmoqda
Viloyatning Olot tumanidagi tizim xodimlarining ham qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Olot tumani viloyat markazidan salkam 70 kilometr olisda joylashgan. Hududdagi 33 ta mahalla ahli suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Ularga ham boshqa iste’molchilar qatori 35 kunga bormay gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. Ayni kunlarda havo harorati 45 darajadan baland bo‘lishiga qaramay, har bir iste’molchi o‘z vaqtida gaz balloni bilan ta’minlanmoqda.
– Mahallamiz faqatgina 2018-yildan buyon gaz balloni bilan to‘liq ta’minlanmoqda. So‘nggi uch yil davomida to‘lovlarni ham kartalarda amalga oshiramiz. Muammo yo‘q. Agar qandaydir nosozlik bo‘lsa darhol 104 raqami orqali murojaat qilamiz. Asosiysi, tarozilarda o‘lchab berishadi”, – deydi Chovdur mahalla faoli Olim Xudoyberdiyev.
Fuqarolarning fikrlarini qog‘ozga tushirar ekanmiz, yil o‘n ikki oy tinim bilmay faoliyat yuritayotgan soha xodimlarining faoliyati shubhasiz, mashaqqatdan iborat ekanligini anglaysiz, ammo har bir iste’molchiga tezkorlikda xushmuomalalik bilan muomala qilish esa tizimimizning asosiy mezoni hisoblanadi.
80 yoshni qarshilagan Oygul momo ham qishloqdoshining fikrini ma’qullab, shunday deydi: “Yillar bo‘ldi gaz balloniga o‘tganimizga, o‘z vaqtida keltirib berishadi, ovqatimiz vaqtida pishadi, cholim bilan issiqqina choyni damlab, ho‘plab choy ichamiz”. Bu kabi iliq fikrlar xodimlarga kuch beradi. Ayniqsa, ularning duosi-chi, shijoatini oshiradi.
Muammosiz to‘lovlar amalga oshirilmoqda
Prezidentimiz boshchiligida olis manzildagilar uchun gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida tizimda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalda ular o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Jarayonlar har bir hududda samarali tashkil etilmoqda. Bugun barcha sohada bo‘lgani kabi ta’minotda ham minglab imkoniyatlar yaratildi. Qulayliklar berilmoqda. Muammosiz to‘lovlar amalga oshirilmoqda. Bu haqida Buxoro viloyati gaz ta’minoti filialining direktor o‘rinbosari Abduqodir Maqsudov shunday deydi:
– Tizimda faoliyat olib borayotgan barcha xodimning o‘z vazifasi bor. Ular vazifalaridan kelib chiqqan holda gaz ballonlarini iste’molchilarga yetkazib berishadi. Ballonlar nazorat tarozilarida o‘lchab beriladi, quvonarlisi, maxsus kartalarda to‘lovlarni amalga oshirib kelishmoqda. Bu yangicha tizimning joriy etilganligi suyultirilgan gazni aholiga yetkazib berishda shaffof to‘lov tizimi va hisobini muvofiqlashtirish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratish, to‘lovlarni o‘z vaqtida hamda nazorat ostida amalga oshirilish imkonini yaratish, qog‘ozbozlikka bo‘lgan ehtiyojni yo‘q qilib, eng asosiysi, xizmat ko‘rsatish shaffofligiga salbiy ta’sir etuvchi inson omillarining oldini olishdan iboratdir.
Bugun “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan 167 mingdan ortiq iste’molchi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanar ekan, ularga so‘nggi olti oy davomida 14 ming tonnaga yaqin suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Kuniga esa 100 tonnaga yaqin suyultirilgan gaz aholi va ulgurji iste’molchilariga tarqatilmoqda. Mingga yaqinlashgan yangi suyultirilgan gaz iste’molchilari uchun ham bu kabi qulayliklar kor qilmoqda. Yaratilayotgan sharoitlar, olib borilayotgan islohotlar tizim xodimlari bilan bir qatorda iste’molchi uchun ham yaxshigina dastak bo‘ldi.
Sizga ozmi yoki ko‘p, Buxoro viloyatida suyultirilgan gaz iste’molchilarini gaz ballonlari bilan ta’minlash hamda ular uchun yaratilayotgan qulaylik haqida hikoya qildik. To‘g‘ri, tizimda muammolar yo‘qmi, deya savol berishingiz mumkin, ammo, alohida ta’kidlab o‘taman, har bir muammoning o‘z vaqtida bartaraf etilishi uchun yil o‘n ikki oy tizim xodimlari mehnat qiladi, tushuntirishlar olib boradi, aholiga vaqtida gazning yetkazib berilishi orqali esa dasturlar ijrosi ta’minlanadi. Bu esa ta’minotdagi islohotlarning yanada ko‘rinish berishi uchun muhim omillardan biri sanaladi.
Mohigul Abdullayeva,
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot kotibi