Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Yozgi taʼtil boshlanishi bilan ota-onalar bolalarini dam olish davrini qanday qilib mazmunli va maroqli o‘tkazish haqida o‘ylay boshlashadi. Darhaqiqat, taʼtilni unumli kechishi bolalar va ularning yaqinlari uchun ham birdek foydali.
Jizzax viloyati Forish tumanida joylashgan “Zangori olov” bolalar oromgohida o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini foydali mashg‘ulotlarga jalb etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Oromgohning bunday nomlanishi ham bejizga emas, bu yerda “Hududgaztaʼminot” AJ va uning barcha viloyatlardagi filiallarida mehnat qilayotgan xodimlarining farzandlari dam olishadi.
Kuni kecha “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali xodimlarining bir qismi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan yozgi taʼtilni maroqli o‘tkazish maqsadida so‘lim va go‘zal maskan Forish tumanidagi “Zangori olov” bolalar oromgohiga dam olish uchun jo‘natildi.
- Bolajonlarimizning quvonchi cheksiz,- deydi “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali boshlang‘ich kasaba uyushmasi raisi Ravshan Qo‘ziyev. –Hozirda xodimlarimizning jami 21 nafar farzandlari oromgohga jo‘natildi. Avvalo, so‘lim tabiat manzaralari hamda turli to‘garaklarda bilim va qobiliyatlarini oshirish imkoni borligidan ota-onalar ham mamnun.
Oromgohda tarbiyachi va murabbiylar tomonidan bolajonlar kutib olinib, yotoqxonalarga joylashtirildi. Oromgohga jo‘natilgan bolalar o‘n ikki kun davomida dam olib qaytishadi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati